TASHABBUSLI BYUDJET HASHARI QACHON TUGAYDI?
Glier ixtisoslashtirilgan musiqa maktabida “Open byudzhet” uchun ovoz yigʼish mazhburiy talabi, oʼqituvchi va oʼquvchilarga bosim, pul yigʼimi hamda ufqdan oshgan narxlardagi xaridlar haqida shikoyatlar kelmoqda.
Glier Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabida o‘qituvchilar va yuqori sinf o‘quvchilari “Open budjet” uchun ovoz to‘plashga majburlanayotgani haqida Eltuzarga murojaat kelib tushdi.
Shikoyatga ko‘ra, maktab direktori Salim Saymiov o‘qituvchilarga kamida 10 tadan, 10–11-sinf o‘quvchilariga esa 5 tadan ovoz yig‘ishni talab qilmoqda. Ayrim hollarda o‘quvchilar darsxonaga qamab qo‘yilib, ovoz bermaguncha chiqarilmadi.
Shuningdek, “ovoz sotib olish” uchun har bir o‘qituvchidan 30 ming so‘mdan yig‘ilgani ham ta’kidlanmoqda. Maktabda kamida 400 nafar xodim borligi hisobga olinsa, bu ancha katta mablag‘ga aylanadi.
«Avvalgi yillarda “tashabbus” doirasida xarid qilingan jihozlar narxi bozordan ancha yuqori. Masalan, bitta kreslo 5 million so‘mga rasmiylashtirilgan, holbuki, hatto onlayn do‘konlarda ham bunday kreslolar ancha arzon narxlarda sotilyapti», deydi jamoa vakillari.
Shikoyatlardan foyda yo‘q, maktabda “gapirsang ishdan ketasan”, degan tahdidlar, tushuntirish xatlari, dars paytida hatto o‘tirishga ham cheklovlar qo‘yib o‘qituvchilarga bosim qilinmoqda.
Minbarlarda ta’lim muassasalari tashabbusli budjetga aralashmasin degan ko‘rsatmalar yangragan edi, amalda esa o‘qituvchi-yu o‘quvchilar hamon ovoz dardida sarson yuribdi. Mas’ul tashkilotlar mazkur holatga munosabat bildirib ochiq bayonot berishi lozim.
Fikr bildirish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling